Buxoro neftni qayta ishlash zavodi quvvatlarini dastlabki qiymati 1,8 milliard dollar bo‘lgan loyiha doirasida kengaytirish rejalashtirilmoqda. Loyiha payshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar berdi.
Qurilish ishlarini 2028-yilda boshlash mo‘ljallangan. Xabarda aytilishicha, zavod loyiha bo‘yicha Xitoy, Fransiya, AQSh va Ozarbayjonning yetakchi texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi.
Neftni qayta ishlash va neftkimyo sohalariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, yangi texnologik qurilmalarni qurish hisobiga neft mahsulotlarining yillik umumiy ishlab chiqarish hajmini 2,1 million tonnadan 4,6 million tonnagacha oshirish rejalashtirilgan.
Jumladan, avtomobil benzini ishlab chiqarishni 2,7 million tonnaga, dizel yoqilg‘isini 1,24 million tonnaga, aviatsiya kerosinini esa 500 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, benzol va boshqa neftkimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar yaratish imkoniyatlari kengayadi.
2029-yilning ikkinchi choragida AI-92 va AI-95 rusumli, Yevro-5 ekologik standartiga mos benzin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qiymati 328 million dollarlik loyihani ishga tushirish ham rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,1 million tonnani tashkil etadi.
Import qilinadigan yoqilg‘i qo‘shimchalari xarajatlarini qisqartirish hisobiga yiliga 150 million dollargacha mablag‘ni tejash kutilmoqda. Shuningdek, 200 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida zavod bilan tanishgan edi. O‘shanda 328 million dollarlik loyiha qiymati korxonaning 49 million dollarlik o‘z mablag‘lari va 279 million dollarlik xorijiy kreditlardan shakllanishi xabar qilingandi.
Buxoro NQIZ 1997-yilda ishga tushirilgan. Zavod yiliga 2,5 million tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlashga mo‘ljallangan. Korxonada 3200 dan ortiq kishi mehnat qiladi.
Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida zavodda 1,5 million tonnadan ziyod xomashyo qayta ishlanib, qariyb 1,5 million tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarildi. Sof foyda 2,2 trillion so‘mni tashkil etdi.
Yil oxirigacha xomashyoni qayta ishlash hajmini 2,17 million tonnaga, neft mahsulotlari ishlab chiqarishni esa 2,12 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

